Bugun yana bir jasoratli urinishni amalga oshiramiz Ismoil. Kuzatuvlarim asosida paydo bo'lgan yengi taxminiy nazariya va atama haqida gaplashamiz.
Alpha School tizimi haqida o‘qib qoldim. Maktab ta’limida katta o‘zgarishlar qilayotgan ekan. Ta’lim jarayonida eng muhimi – o‘quvchi o‘rganishni o‘zi xohlab qolishi. Tabiiyki, alfa maktablari qanday qilib bolalarni o‘qishga ruhlantirayotganiga qiziqdim.
O‘qishdan oldin Suqrot so‘rovi kabi ichki qiziqish, yoki Montessori usuli kabi tabiiy o‘rganishni rivojlantirish, yoki boshqa yengi usul bilan avtodidaktlarni yetishtirish yo‘lidan borganmikan deb o‘yladim.
Tashqi mukofotsiz harakatlanadigan odamlar aholining kichik (3%) qismini tashkil qiladi. Kamchilik bo‘la turib, jamiyatdagi asosiy o‘zgarishlarni olib kelishadi.
Alpha maktablarining usuli man o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. Ular ham kunlik mukofot usulidan foydalanar ekan. O‘zini o‘zi ruhlantiradigan bitiruvchilar chiqaradigan maktablar esa, ko‘payishga qiynalishar ekan. Ya’ni ularning bitiruvchilari avtodidakt bo‘ladi-yu, kam bo‘ladi.
Shuni o‘qib, o‘ylab qoldim. Milliardlar tikilgan maktablar ham kunlik mukofot tizimidan voz kecha olmabdi. Demak, qisqa muddatli mukofotlar dunyosidan hali-beri qutula olmaymiz.
Qisqa muddatli mukofotlar dunyosi nima?
Ishlarning o‘n yildan keyingi foydasi uchun emas, hozirgi foydasi uchun qilishning ko‘p bo‘lishi.
O‘limdan keyingi hayotni o‘ylab emas, hozirgi hayotni o‘ylab yashashning ko‘p bo‘lishi.
Besh yillik muddat bilan fikrlaydiganlarning emas, 2-4 haftalik muddat bilan fikrlaydiganlarning ko‘p bo‘lishi.
Qisqa muddatli mukofotlar bilan yashaydiganlar tarixan ko‘p bo‘lgan. Oxirgi yigirma yilda esa ular yana ham ko‘payib borvotti. Ba’zi misollarni keltirishga ruxsat ber:
Duolingo foydalanuvchilari soni tarixiy rekordni qo‘yib kelmoqda. Til o‘rgatish platformasi kunlik mukofotlar berishorqali yuz million foydalanuvchilarni o‘ziga o‘rgatib oldi:

Kichik mukofotlar bilan dasturni ishlattirish mumkin. Ishlatadiganlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Til o‘rganish osondek tuyulishi ham mumkin. Muammo shundaki, platformani ishlatish, tilni o‘rganish bilan tugamaydi. Til o‘rganib ko‘rgan odam bor-ki, biladi – yengi til o‘rganish o‘yin kabi bo‘la olmaydi.
Shakarli mahsulotlarning sotuvi yildan-yilga rekordlarni yengilab kelvotti:

Non ham, shakar ham glyukozadan iborat. Farqi shundaki, nonning shirini chiqishi uchun uzoq chaynash kerak, shakar esa tilga tegishi kifoya. Shakar ham glutamat kabi og‘zimizga oz mehnat bilan, qisqa muddatda mukofot olib kiradi.
Oxirgi telefon modelini bo‘lib to‘lashga (qarzga) oladiganlar soni ham yurtimizda tarixiy cho‘qqiga chiqqan:

Moddiy holatimizni maqtanish yoki hayotimizni osonlashtirish uchun endi maoshimizni yig‘ishimiz shart emas. Har oylik to‘lovga pul topa oladigan darajaga chiqsak bo‘lgani.