Bugun yo'llar haqida gaplashamiz, Ismoil.
Maktabda o'qib yurganimizda psixologimiz test olgandi. Bitta savoli hali ham esimda: "Uyingga borishing kerak. Ikkita yo'l bor. Bittasi g'adir-budur, loyqa, shunga yarasha kesib chiqadi. Ikkinchisi tekis, asfalt qilingan, ikki-uch barobar uzoq vaqt ketadi. Qaysi birini tanlaysan?"

(Sun'iy intellekt rasmni man xohlagandek chizib berishdan qat'iy bosh tortdi. Shuning uchun o'zim ijod qildim. Birinchisi bo'lgani uchun kechirib qo'yurasan )
Bu yerda to'g'ri javob yo'q. Savol beruvchining fikricha, – javob odamning maqsadga yetish usulini ko'rsatib berishi kerak. Uzun yo'lni tanlaganlar "Har qanday holatda ham yo'lim yaxshi bo'lsin" deydiganlar. Qisqa yo'lni tanlaganlar "Har qanday holatda ham maqsadga tezroq erishaman" deydiganlar.
Hayot ham bizga shunga o'xshash savolni beradi. Tanlovimiz – javobimiz bo'ladi.
10 000$ topish muhimroqmi yoki qanday topish muhimroqmi? Hurmatli bo'lish muhimroqmi yoki nima ish qilib hurmat topgani muhimroqmi? Odamlar tanishi muhimroqmi yoki qanday usulda tanilish muhimroqmi?
Uzun yo'lni tanlaydiganlar – jarayonni tanlaydiganlar. "Qilayotganlarimiz to'g'ri bo'lsin" deydiganlar.
Qisqa yo'lni tanlaydiganlar natijani tanlaydiganlar. "Nima qilsang ham yutug'ing bo'lsin" deydiganlar.
Uchinchi tur ham bor. Ular uzun yo'lni katta tezlikda yurib o'tmoqchi bo'ladilar. Ya'ni optimizatorlar – katta tezlikda yurish uchun hamma narsada voz kechadilar.
Kesib chiqishni istaganlar treyding nimaligini bilmay pul aylantiradilar, kriptoni tushunib-tushunmay sotib oluradilar, mutaxassis bo'lish uchun yetadigan yillarni lotoreya, piramidalar, Binance, hamster combat, boyish treninglari bilan o'tkazib yuboradilar.
"Kesib chiqaman" deydiganlarga sportdan ko'ra chiroyli tana qiziqroq. Kesib chiquvchilarga "Semirib ketvossan" desang, ular operatsiya qildirish yoki Ozempik (ozdiradigan ukol) va anaboliklar (semirtiradigan ukol)ni tanlaydilar. 2024-yil so'rovnomasiga qara: sport zalga chiqayotgan yoshlarning uchdan biri mashqlarni tashlab o'rniga dori olishga tayyor. Qizig'i, bu tabletkalarning chiqqaniga hali o'n yil ham bo'lmadi. Ommalashganiga esa endi 3 yil bo'lvotti.

Kesib chiquvchilar tanilib olish, shaxsiy brend qurish uchun odatda qilmaydigan ishlari, yashamaydigan hayotlarini ko'rsatishga tayyorlar. "Fake it till you make it" dermidi. Qaysidur "shaxsiy brend" ustozi – mashhur odamlar oldida yurishni, rasmga tushishni, atayin sayohatlarga chiqishni maslahat berayotganini o'quvchisi gapirib berdi.
Optimizatorlar ishlarini faqat daromad va statusga qarab tanlaydilar. Klayton Kristensen yozganidek – pul uchun munosabatlar, oila, sog'liq, ba'zan insoflaridan ham kechib yuboradilar. Investbanking shu sababli ham AQSHda mashhur. O'ziniki bo'lmagan millionlarni aylantirish va katta davralarda yurish uchun depressiya, giyohvand moddalar, besh soatlik uyquga rozi bo'ladilar.
Optimizatorlar chiroyli tana atrofiga butun hayotlarini quradilar. Kiyinish, ovqatlanish, rasmlari hammasi tanalari atrofida aynaladi. Rasmga tushishning ham sharti shu bo'ladiki, faqat boshlari emas, hammayoqlari ko'rinsin.
Optimizatorlar hamma narsadan auditoriyam muhim deb biladilar. Bitta shunday instablogerning ta'rifini eshitib qoldim: hamkorlarini pulga aldab yuribdi, u haqida birga ishlaganlar nima deb o'ylashidan, begonalar nima deb o'ylashi muhimroq ekan.
Uzun yo'lni tanlagan ko'p pul topmoqchi bo'lsa, "qayerda ko'p pul topiladi?" degan savolni qo'ymaydi. "Qanday odamlar ko'p pul topadi?, Qanday odamlarga ko'p pul kerak bo'lmaydi?, Ularda qanday sifatlar bor?" kabi savollarni beradi. Javobini oladi – mehnatkashlik, riskka tolerantlik, diqqat, mustaqil o'ylash... Shu sifatlarni shakllantirishga kirishadi. Ha, bunga yillar ketadi. Bitta "boy bo'lish" haqidagi kurs buni o'rgata olmaydi. Shu sifatlar shakllanib bo'lgach esa, bu odamga pul ishlab topish vaqt masalasi bo'lib qoladi.
Uzun yo'lni tanlaganlar sportni tanlaydilar. Tanani qiynashni tanlaydilar. "Sog'lom tana ham chiroyli bo'ladi, ham pand bermaydi" deb ishonadilar. Badanlari ustida boshqalar uchun emas, o'zlari uchun ishlaydilar. O'z tanasi ustida boshqalar uchun ishlash mumkinmi deb hayron bo'layotganlar – instagram'ga umuman kirmaslik baxtiga muvaffaq bo'lganlardir.
Uzun yo'lni tanlaganlar mashhur bo'lishga intilmaydilar. Algoritmlar nimani ko'tarvotti, qaysi gapni gapirsak tarqalib ketarkin, hozir trend mavzu nima deb qaramaydilar. Ular gapirilishi kerak mavzularni gapiradilar. Gapirishdan avval boshidan o'tkazgan bo'ladilar. Gaplari foydali bo'lsa, ergashadiganlar o'zi topiladi deydilar.